Zomin milliy tabiat bog‘i ilmiy bo‘limi xodimlari tomonidan yovvoyi hayvonlarning kuzgi monitoringi va ilmiy tadqiqot ishlari olib borildi. Tadqiqotlar, avvalo, hudud ekotizimi barqarorligi uchun muhim bo‘lgan qo‘ng‘ir ayiq (Ursus arctos) populyatsiyasini o‘rganishga qaratildi.
Monitoring jarayonida qo‘ng‘ir ayiqning migratsiya yo‘llari, ovqatlanish muhiti va hudud bo‘yicha tarqalish dinamikasi ilmiy jihatdan tahlil qilindi. Kuzgi faslda bu turning biologik xususiyatlarini yanada chuqurroq o‘rganish maqsadida maxsus fotoqopqonlar o‘rnatildi.
Fotoqopqonlar orqali to‘plangan ma’lumotlar qo‘ng‘ir ayiqning tabiiy muhitdagi faolligi, oziqlanish odatlari hamda ekotizimdagi ekologik roli haqida muhim ilmiy asoslar yaratadi. Mazkur natijalar kelgusida qo‘ng‘ir ayiqni saqlash, muhofaza qilish strategiyasini ishlab chiqishda va hududiy biologik xilma-xillikni ta’minlashda ilmiy manba sifatida xizmat qiladi.