Zomin milliy tabiat bog'i

Zomin milliy tabiat bog‘i hududining Oriklisoy aylanma qoriqlanma hududida ayrim shaxslar tomonidan ruxsatsiz va noqonuniy ravishda kirib, o‘simlik va hayvonot dunyosiga oid videoroliklar tayyorlanib, ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgani holati aniqlangan.

Mazkur noqonuniy xatti-harakatlar muhofaza etiladigan tabiiy hududlarda o‘rnatilgan qat’iy rejim talablari va ekologik xavfsizlik me’yorlarini buzish hisoblanadi. Shu munosabat bilan milliy bog‘ inspektorlari tomonidan tezkor chora-tadbirlar amalga oshirilib, huquqbuzarlar qonunchilikka muvofiq javobgarlikka tortildi.

Holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 82¹-moddasi (“Muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning rejimini buzish”) asosida huquqbuzarlarga nisbatan ma’muriy jarima qo‘llanildi. Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, ushbu huquqbuzarlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining 11 baravarida jarima belgilangan bo‘lib, jami 9 064 000 so‘m miqdorida jarima undirish chorasi ko‘rildi.

Milliy bog‘ ma’muriyati barcha fuqarolarga murojaat qilib, muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning qat’iy belgilangan tartib-qoidalariga rioya etish, noqonuniy kirish, flora va fauna obyektlariga zarar yetkazish yoki ruxsatsiz foto va videotasvirga olish kabi xatti-harakatlardan tiyilish zarurligini eslatib o‘tadi. Ushbu qoidalarning buzilishi qonunchilikda belgilangan tartibda qat’iy javobgarlikka sabab bo‘lishini yana bir bor ogohlantiradi.

🇺🇿 Zomin milliy tabiat bogʻi matbuot xizmati