Zomin milliy tabiat bogʻi hududida joylashgan Zomin sanatoriysi atrofida yashovchi qo‘ng‘ir ayiq (Ursus arctos)ning muntazam ravishda hududga kirib kelayotgani kuzatildi. Ushbu hayvonning tabiiy ozuqa manbalari kamaygan davrda xavfsiz sharoitda oziqlanishini ta’minlash maqsadida sanatoriya oshxonasi xodimlari tomonidan maxsus idish tayyorlanib, unga oziq-ovqat mahsulotlari joylashtirildi.
Mazkur tadbir yovvoyi hayvonlarga nisbatan insonparvarlik va ekologik mas’uliyatning yorqin namunasidir. Ayiqning kameralar orqali qayd etilgan harakatlari shuni ko‘rsatdiki, u tinch va tabiiy holatda kelib, idishga solingan taomlardan bahramand bo‘lgan. Bu holat hayvonning stresssiz, xavfsiz muhitda o‘z ehtiyojini qondirishiga yordam bermoqda.
Zomin milliy tabiat bog‘i ma’muriyati bu kabi tashabbuslar orqali inson va tabiat o‘rtasidagi uyg‘unlikni mustahkamlash, yovvoyi hayvonlarni himoya qilish hamda ularning tabiiy muhitini saqlashga qaratilgan ishlarda faol ishtirok etmoqda.