Zomin milliy tabiat bog'i

Zomin milliy tabiat bogʻida Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining 34 yilligi munosabati bilan tantanali bayram tadbiri boʻlib oʻtdi. Tadbirda milliy bogʻ maʼmuriyati, ilmiy xodimlar, o‘rmon inspektorlari ishtirok etdi.

Dastlab, yigʻilganlarga mustaqillik bayramining mazmun-mohiyati, mamlakatimiz taraqqiyotida tabiatni asrash, ekologik xavfsizlikni taʼminlash va yashil hududlarni kengaytirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida maʼlumot berildi. Soʻzga chiqqanlar mustaqillik yillarida milliy bogʻda amalga oshirilgan keng ko‘lamli ishlar, zamonaviy ekologik nazorat tizimlari joriy etilgani, noyob flora va faunani muhofaza qilish borasidagi yutuqlarni alohida taʼkidladilar.

Tadbir davomida milliy bogʻning fidoyi inspektorlari, o‘z xizmat vazifalarini sidqidildan bajarayotgan, tabiatni asrash yoʻlida jonbozlik koʻrsatayotgan bir guruh xodimlar faxriy yorliqlar bilan taqdirlandilar. Ularning sharafli mehnati, o‘rmon yong‘inlarining oldini olish, noyob hayvonot va o‘simlik dunyosini muhofaza qilishdagi xizmati alohida eʼtirof etildi.

Shuningdek, ishtirokchilar uchun bayramona dasturhon bezatilib madaniy dastur, milliy qo‘shiqlar sadolari ostida quvonchli lahzalar ulashildi. Tadbir yakunida barcha tashrif buyurganlar ona tabiatni asrab-avaylash, ekologik madaniyatni yuksaltirish borasidagi faoliyatni yanada kuchaytirish bo‘yicha ezgu tilaklar bildirib, milliy bogʻ jamoasiga muvaffaqiyatlar tiladilar.

🇺🇿 Zomin Milliy Tabiat Bog‘i matbuot xizmati