Jizzax viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshlig‘ining tasdiqlangan rejasi asosida 2025-yil 26-avgust kuni Zomin tumanida joylashgan O‘rmon yong‘inlarini bartaraf etishga ixtisoslashtirilgan yong‘in-qutqaruv otryadi shaxsiy tarkibi ishtirokida Zomin davlat qo‘riqxona hududida amaliy-taktik o‘quv mashg‘uloti o‘tkazildi.
Mazkur mashg‘ulotlarda Ichki ishlar boshqarmasi, Avtomobil yo‘llari boshqarmasi, Milliy tabiat bog‘i ma’muriyati Yong’in xavfsizligi bo’yicha mutaxassisi, O‘rmon xo‘jaligi, Qo‘riqxona hamda Sog‘liqni saqlash boshqarmasi vakillari hamkorlikda qatnashdi. Tadbirning asosiy maqsadi o‘rmon yong‘inlari yuzaga kelishi ehtimolini kamaytirish, favqulodda vaziyatlarga tayyorgarlik darajasini oshirish hamda yong‘in oqibatlarini tezkor bartaraf etish mexanizmlarini takomillashtirishdan iborat bo‘ldi.
Mashg‘ulot davomida yong‘in o‘chirishning zamonaviy usullari, o‘t o‘chirish texnikasidan samarali foydalanish, xavfli hududlarda odamlarni evakuatsiya qilish, jarohatlanganlarga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish kabi amaliy harakatlar ko‘rsatib berildi. Bundan tashqari, hamkor tashkilotlar o‘rtasida axborot almashinuvi, tezkor qaror qabul qilish, yo‘llarni ochish va transport vositalarining uzluksiz harakatini ta’minlash kabi masalalarga alohida e’tibor qaratildi.
Bunday mashg‘ulotlar o‘rmon ekotizimini saqlash, bioxilma-xillikni himoya qilish hamda tabiiy resurslardan oqilona foydalanish bo‘yicha ilmiy asoslangan yondashuvlarni amaliyotga tatbiq etishda muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bilan birga, ekologik xavfsizlikni ta’minlashda davlat organlari, mahalliy boshqaruv tizimi va jamoatchilikning uzviy hamkorligi zarurligini yana bir bor namoyon etdi.
🇺🇿 Zomin Milliy Tabiat Bog‘i matbuot xizmati