Zomin milliy tabiat bog'i

Tabiatimizning bebaho boyliklarini asrab-avaylash va ularning kelajak avlodga sog‘lom holda yetib borishini ta’minlash maqsadida “Ettikechuvsoy” hududida navbatdagi ekologik monitoring ishlari amalga oshirildi. Ushbu tadbirda ekologlar, biologlar va milliy bog‘ xodimlari hamkorlikda qatnashib, hududning tabiiy boyliklari — noyob o‘simlik turlari hamda yovvoyi hayvonlar populyatsiyasi bo‘yicha keng qamrovli kuzatuvlar olib bordilar.

Monitoring davomida hududdagi yovvoyi hayvonlarning yashash muhitlari, oziqlanish manbalari, suv havzalari atrofidagi holat va migratsiya yo‘llari o‘rganildi. Qushlarning ko‘chish mavsumiga tayyorgarlik jarayonlari, mayda sutemizuvchilarning soni va sog‘lomlik holati, shuningdek, bo‘ri, tulki, yovvoyi cho‘chqa kabi yirik yovvoyi hayvonlarning izlari qayd etildi.

O‘simliklar qismi bo‘yicha esa tog‘ yonbag‘irlaridagi yovvoyi dorivor o‘tlardan tortib, baland daraxtlar hamda kamyob buta turlarigacha batafsil o‘rganildi. Ayrim joylarda endemik (faqat shu hududga xos) o‘simliklarning soni ortgani, ayrimlarida esa kamayish tendensiyasi kuzatildi. Mutaxassislar tomonidan tuproq namligi, o‘simliklarning gullash davri va urug‘lanish ko‘rsatkichlari ham qayd etildi.

Tadbir yakunida mutaxassislar hududdagi biologik xilma-xillikni saqlash va ko‘paytirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqdi. Jumladan, noqonuniy ovlanishning oldini olish, o‘rmonzorlarni tabiiy ko‘paytirish, suv manbalarini toza saqlash hamda ekologik targ‘ibot ishlarini kuchaytirish kabi chora-tadbirlar belgilandi.

“Ettikechuvsoy” hududi o‘zining boy flora va faunasi bilan nafaqat milliy, balki xalqaro miqyosda ham qimmatli ekologik hudud hisoblanadi. Uni asrash — kelajak avlodga toza tabiatni meros qoldirish demakdir.

Zomin milliy tabiat bogʻi matbuot xizmati