Jizzax viloyatidagi Turizm va madaniy meros texnikumining turizm guruhi talabalari ishtirokida “Ekoturizmni rivojlantirish va yovvoyi tabiatni asrab-avaylashda yoshlarning o‘rni” mavzusida ilmiy davra suhbati tashkil etildi. Tadbirni Zomin milliy tabiat bog‘i ekoturizm bo‘yicha mutaxassisi Olima Tovboyeva olib bordi.
Davra suhbati davomida talabalar ekoturizmning mohiyati, uning atrof-muhitni muhofaza qilishdagi o‘rni, yovvoyi hayvonot va o‘simlik dunyosini asrab-avaylashning dolzarbligi haqida batafsil ma’lumotlarga ega bo‘ldilar.
Olima Tovboyeva o‘z chiqishida shunday ta’kidladi:
“Ekoturizm – bu faqat sayohat emas, balki tabiatni sevish, uni asrash va boshqalarga shuni o‘rgatish madaniyatidir. Har bir yosh avlod o‘z yurti tabiatini qadrlasa, kelajak yanada go‘zal va yashil bo‘ladi
🏞 Zomin milliy tabiat bog‘i va ekomarshrutlar haqida tanishtiruv
Tadbir davomida talabalarga Zomin milliy tabiat bog‘ining tabiiy boyliklari, noyob hayvonot va o‘simlik turlari, hududdagi ekomarshrutlar — ya’ni ekologik sayohat yo‘nalishlari haqida taqdimot o‘tkazildi.
Mutaxassis tomonidan milliy bog‘ning “Qadimiy Miq qalasi– Ming yillik Archa va o‘rmonlari”, “Zomin soyi – Sanatoriya maskani hamda yangi ochilgan Dor yoli,Osma ko’prik, Zipline, Jumping” kabi mashhur ekomarshrutlari bo‘yicha qisqacha ma’lumotlar berilib, talabalarga ularni amaliyot davomida o‘rganish tavsiya qilindi.
Shuningdek, tadbir ishtirokchilariga Zomin milliy tabiat bog‘i haqidagi bukletlar, tabiat manzaralari aks etgan rasmlar va milliy bog‘ning o‘ziga xos go‘zalliklarini yorituvchi rangli taqvimlar tarqatildi. Ushbu materiallar yoshlarning tabiatga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirib, ekoturizmga oid bilimlarini boyitishga xizmat qildi.
🌱 Yoshlarning ekologik madaniyatini yuksaltirish yo‘lida
Davra suhbati davomida talabalar ekologik tozalikka rioya qilish, chiqindisiz sayohat tamoyillari, hayvonlarni bezovta qilmaslik kabi mavzularda faol fikr almashdilar. Ular o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, ekoturizm sohasidagi amaliy faoliyatga tayyorlanish istagini bildirdilar.
Tadbir yakunida Zomin milliy tabiat bog‘i mutaxassisi talabalarga ekologik loyihalarda volontyor sifatida ishtirok etish, milliy bog‘da amaliyot o‘tash va ekoturizm targ‘iboti bo‘yicha tashabbuslarni ilgari surish imkoniyatlari haqida ma’lumot berdi.
Xulosa
Mazkur ilmiy davra suhbati yoshlarning ekologik tafakkurini shakllantirish, ularni tabiatni asrash va ekoturizm sohasida faol bo‘lishga undashda muhim ahamiyat kasb etdi.
Bunday uchrashuvlar orqali nafaqat ekologik madaniyat yuksaladi, balki ekoturizmni rivojlantirish, tabiat boyliklarini asrab-avaylash va ularni keng targ‘ib etish yo‘lida yangi tashabbuskor yoshlar yetishib chiqadi.