Yurtimizda atrof-muhitni muhofaza qilish, ekologik ongni yuksaltirish va yosh avlodni tabiatga ehtiyotkorlik ruhida tarbiyalashga qaratilgan izchil islohotlar doirasida Zomin tumanida muhim ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi. “Tabiatni asrash — insonni, Vatanni asrash demakdir” shiori ostida o‘tkazilgan ko‘chma foto va tasviriy san’at asarlari ko‘rgazmasi doirasida targ‘ibot aksiyasi hamda davra suhbati keng jamoatchilik e’tiborini tortdi.
Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi yangrashi hamda tabiatni asrashga bag‘ishlangan mazmunli videoroliklar namoyishi bilan boshlandi. Bu esa tadbir ishtirokchilarida tabiatga bo‘lgan mas’uliyat va vatanparvarlik tuyg‘ularini yanada mustahkamladi.
Shundan so‘ng birinchi bo‘lib so‘z Zomin milliy tabiat bog‘i ekoturizmni rivojlantirish bo‘yicha mutaxassisi Olima Tovboyevaga berildi. U o‘z ma’ruzasida Zomin milliy tabiat bog‘ining noyob tabiiy landshaftlari, boy o‘simlik va hayvonot dunyosi, qo‘riqlanadigan turlar hamda ularni asrashning ahamiyati haqida atroflicha ma’lumot berdi.
Olima Tovboyeva, shuningdek, milliy bog‘ hududida olib borilayotgan ekologik muhofaza ishlari, ekoturizmni rivojlantirish orqali tabiatni asrash va aholining ekologik madaniyatini oshirish masalalariga to‘xtalib o‘tdi. U qatnashuvchilar bilan faol savol-javob o‘tkazib, o‘quvchi-yoshlarni qiziqtirgan savollarga batafsil javoblar qaytardi.
Tadbirda shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi “Tasviriy oyna” ijodiy uyushmasi boshqaruvi raisi o‘rinbosari Asomiddin Mardiyev, ushbu uyushmaning Jizzax viloyati bo‘limi raisi Oybek Begimqulov, O‘zbekiston Ekologik partiyasi Zomin tuman Kengashi raisi, tuman Kengashi deputati Yorbek Safarov, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi boshqarmasi Zomin tuman bo‘limi mutaxassisi Doston Pattayev, Zomin tuman hokimligi loyihalar menejeri Javlon Primqulov, shuningdek ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.
Tadbir davomida ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish, iqlim o‘zgarishi oqibatlarini kamaytirish, ekologik turizmni rivojlantirish va yoshlarni tabiatga muhabbat ruhida tarbiyalash masalalari yuzasidan atroflicha fikr almashildi. Ayniqsa, tasviriy san’at va fotosuratlar orqali tabiat go‘zalligini targ‘ib qilishning ahamiyati alohida ta’kidlandi.
Mazkur tadbirda Zomin tumanidagi 60-umumta’lim maktabi o‘quvchilari va yoshlar faol ishtirok etdilar. Tadbirni O‘zbekiston Ekologik partiyasi Zomin tuman Kengashi raisi Yorbek Safarov olib bordi. U o‘z so‘zida tabiatni asrash har bir fuqaroning muqaddas burchi ekanini alohida qayd etdi.
Shubhasiz, bunday ma’rifiy tadbirlar jamiyatda ekologik madaniyatni yuksaltirish, yoshlarni tabiatga ehtiyotkorlik va mas’uliyat ruhida tarbiyalash hamda barqaror taraqqiyot g‘oyalarini keng targ‘ib etishda muhim ahamiyat kasb etadi.