Zomin milliy tabiat bog'i

O‘simliklar dunyosi

O‘simliklar dunyosi (flora)

Zomin milliy tabiat bog‘i turli dorivor o‘simliklarga nihoyatda boydir. Hududda yovvoyi holda o‘sadigan 1216 dan ortiq o‘simlik turlari mavjud bo‘lib, ulardan 107 dan ortig‘ining dorivor xususiyatlari aniqlangan.

Ularning 63 turi ilmiy tibbiyotda qo‘llaniladi. Hozirda ishlab chiqarilayotgan dori vositalarining 40–45 foizi dorivor o‘simlik xom ashyosidan tayyorlanadi.

Dorivor o‘simliklardan tayyorlangan fitopreparatlar sun’iy (kimyoviy) dorilarga nisbatan bir qancha afzalliklarga ega:

ular inson organizmiga yumshoq ta’sir qiladi, allergik holatlar kam uchraydi, a’zolarda kumulyativ ta’sir hosil qilmaydi.

Dorivor o‘simliklar tarkibida uglevodlar, organik kislotalar, polisaxaridlar, kraxmal, oqsil, moy va moy kislotalari, efir moylari, alkaloidlar, tanin, saponin, glikozidlar, achchiq modda, fitonsidlar, mikroelementlar, vitaminlar va mineral tuzlar mavjud bo‘lib, aynan shu moddalarning majmuaviy ta’siri tufayli o‘simliklar shifobaxsh xususiyatga ega.

O‘simliklar inson va hayvonot dunyosi uchun oziqa, kiyim, dori vositasi bo‘lishdan tashqari, havo tozaligini ta’minlaydi, tuproqni eroziyadan himoya qiladi. Shu bois biz “yashil boyligimizdan oqilona foydalanishimiz” zarur.

O‘simliklarni muhofaza qilishga qaratilgan dastlabki qonuniy hujjat — “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi Qonun 1992-yil 9-dekabrda qabul qilingan.

Shuningdek, 1993-yil 7-maydagi “Maxsus tabiiy hududlarni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi hamda 1997-yil 26-dekabrdagi “O‘simliklar dunyosini muhofaza qilish va ulardan foydalanish to‘g‘risida”gi Qonunlarda dorivor o‘simliklarni o‘rganish va himoya qilish masalalari yoritilgan.

Shu nuqtai nazardan, biologik xilma-xillikni saqlash, o‘simliklar ekologiyasi va fitotsenologiyasini o‘rganish muhim ahamiyat kasb etadi.

Zomin milliy tabiat bog‘ida xalq tabobatida ishlatiladigan quyidagi dorivor o‘simliklar uchraydi:

Rosa fedtschenkoana (Fedchenko na’matagi), Crataegus turkestanica (Turkiston do‘lani), Berberis oblonga (Qorazirk), Artemisia vulgaris (Oddiy shuvoq), Salvia sclarea (Dorivor marmarak), Hypericum perforatum (Choyut), Codonopsis clematidea (Dug‘boy), Achillea filipendulina va A. millefolium (Bo‘ymodaron), Origanum tytthanthum (Tog‘rayhon), Thermopsis alterniflora (Afsonak), Ziziphora pedicellata (Kiyik o‘t), Inula macrophylla (Qora andiz).

Bundan tashqari, kam uchraydigan yoki soni qisqarib borayotgan quyidagi dorivor turlar ham mavjud:

Corydalis gortschakovii, C. sewerzowii, Colchicum kesselringii, Crocus korolkowii, Dracocephalum komarovii, Oxytropis leucocyanea, Prangos pabularia, Swertia lactea, Tulipa affinis.

Bog‘ hududida O‘zbekiston Respublikasi **“Qizil kitobi”**ga kiritilgan 20 ta o‘simlik turi mavjud bo‘lib, ularning 5 tasi dorivor hisoblanadi:

Aconitum talassicum (Tallas parpisi), Ferula sumbul (Sumbul kovrak), Tulipa affinis (Dilband lola), Tulipa turkestanica (Turkiston lolasi), Colchicum kesselringii (Keselring savrinjoni).