Zomin milliy tabiat bog‘ida ilmiy-amaliy monitoring ishlari o‘tkazildi
“Sharq tongi” gazetasi muxbiri Abdusodiq Sattarov hamkorligida, Zomin milliy tabiat bog‘ining ilmiy bo‘limi va matbuot xizmati bilan birgalikda milliy bog‘ning Suffa aylanma hududida ilmiy-amaliy monitoring ishlari amalga oshirildi.
Tadbir davomida hududning tabiiy ekotizimi, jumladan, o‘simlik va hayvonot dunyosining bugungi holati, ularning mavsumiy tarqalishi hamda populyatsiyalaridagi o‘zgarishlar o‘rganildi. Shuningdek, noyob va yo‘qolib ketish xavfi ostida bo‘lgan turlarni monitoring qilish, tabiiy muhitning ekologik barqarorligini ta’minlash, antropogen omillarning ta’sirini baholash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Monitoring jarayonida ilmiy kuzatuvlar, foto-videofiksatsiya ishlari olib borilib, yig‘ilgan ma’lumotlar kelgusida ilmiy tadqiqotlar, atrof-muhitni muhofaza qilish va ekologik targ‘ibot-tashviqot ishlarini yanada takomillashtirishga xizmat qilishi belgilab olindi.
Mazkur ilmiy-amaliy ishlar nafaqat hududning tabiiy boyliklarini chuqur o‘rganishga, balki ularni kelgusi avlodlar uchun saqlab qolish, aholida ekologik madaniyatni oshirish va keng jamoatchilikka ilmiy asoslangan ma’lumotlarni yetkazishga qaratilganligi bilan ham ahamiyatlidir.
🇺🇿 Zomin milliy tabiat bogʻi matbuot xizmati