Joriy yilning oktyabr oyida Jahon qushlari va hayvonlarini muhofaza qilish kuni munosabati bilan Jizzax Politexnika Instituti Ekologiya va atrof-muhit muhofazasi kafedrasida ilmiy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
Tadbirda ekoturizmni rivojlantirish bo‘yicha mutaxassis Olimahon Tovboyeva, shuningdek, kafedra professor-o‘qituvchilari va talabalar ishtirok etdilar.
Ma’ruzalar davomida ishtirokchilarga biologik xilma-xillikning ahamiyati, qushlar va yovvoyi hayvonlarni muhofaza qilishning ekologik, iqtisodiy hamda ijtimoiy jihatlari haqida batafsil ma’lumotlar berildi. Shuningdek, O‘zbekiston hududida, xususan, Zomin milliy tabiat bog‘i kabi tabiiy muhofaza etiladigan hududlarda uchraydigan noyob qush va hayvon turlari, ularning ekologik muvozanatdagi o‘rni haqida ilmiy asosda fikr almashildi.
Olimahon Tovboyeva o‘z chiqishida ekoturizmni rivojlantirish orqali yovvoyi tabiatni asrab-avaylash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish hamda aholining ekologik madaniyatini oshirish zarurligini ta’kidladi.
Tadbir yakunida talabalar ekologik mavzudagi savol-javoblarda faol qatnashib, hayvonot olamiga mehr va e’tiborni yanada oshirish zarurligi haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar.
Mazkur ilmiy-ma’rifiy uchrashuv yoshlar orasida ekologik madaniyatni yuksaltirish, tabiatni muhofaza qilish g‘oyalarini keng targ‘ib etish hamda barqaror ekoturizmni rivojlantirish yo‘lida muhim ahamiyat kasb etdi.